Prezident qarori ijrosi yuzasidan ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Davlatimiz rahbarining “2025-yilda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan energoqurilmalarni konservatsiya qilish va bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish bo‘yicha “Ilmiy texnik kengash” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati, tizim korxonalari hamda “Energiya” KDM, “Milliy dispetcherlik markazi” DUK, “Issiqlikelektrloyiha” AJ, “O‘rtaosiyoelektrtarmoqloyiha” AJ, “O‘zbekenergota’mir” AJ va “O‘zenergosozlash” MChJ mas’ullari ishtirok etdilar.

Unda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va 2025-yil 27-fevraldagi “2025-yilda energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan issiqlik elektr stansiyalarida energiya samaradorlik bo‘yicha tashkil etilgan ishlarni yanada jadallashtirish, tarmoqda “yashil transformatsiya” jarayonini amalga oshirish, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning raqobatbardoshligini ta’minlash, energiya resurslari tejamkorligiga erishish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish, aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish maqsadida, 2025-2027-yillarda jami 3257 MVt quvvatga ega 23 ta qurilmaning konservatsiya qilinishi va ekspluatatsiyadan chiqarilishi belgilangan. Shundan 80 foizi, ya’ni 2617 MVtli 19 ta qurilma “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Belgilangan rejaga muvofiq, eski va energiya samaradorligi past qurilmalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish (konservatsiya qilish) ishlari Sirdaryo, Tolimarjon, Angren, Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyalarida va Farg‘ona issiqlik elektr markazida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu energoqurilmalarni foydalanishdan chiqarishning sababi – ular o‘tgan asrning 60-70 yillarida ishga tushirilgan, texnik shartlariga ko‘ra ma’nan va jismonan eskirgan hamda o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgani ta’kidlandi.

Eski qurilmalardan voz kechgan holda sohada zamonaviy, energotejamkor qurilmalarni keng joriy etish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 1065 MVt, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 650 MVt bo‘lgan 3-bug‘-gaz qurilmalarini bunyod etish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti so‘nggi nuqtalarida joylashgan mahallalarda kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” investitsiya loyihasi doirasida Sergeli tumanida kogeneratsiya qurilmasi va Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli qurilmasi bunyod etilmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati